Arra
Arra – yogʻoch, metall, tosh, suyak, shox, sadaf va boshqalarni kesish va qirqish uchun ishlatiladigan qirra tishli asbob. Poʻlat plastinka va disksimon qilib yasaladi. Turlari: bir kishi ishlatadigan arra – dastarra (qoʻlarra), ikki kishi ishlatadigan arra – gʻoʻlabur arra, yogʻochdan noziq buyumlar tayyorlashda ishlatiladigan arra – taxtabur arra Shakli va ishlatilishiga koʻra, pushtakli arracha, kashakli-shadabur, bekashak-shadabur, yirik tishli shadabur, mayinbur, yirik tishli burush, mayin tishli burush, noziq, pargar, poʻlat, sadaf, sarbur, takchir, xatbur, chap, chingʻiza, shoh, beda arralar deb yuritiladi. Texnika taraqqiy etishi bilan arralarning mexanik turlari yaratilgan. Mexanik arralarning metall kesuvchi, taxta tiluvchi va daraxt kesuvchi xillari bor. Taxta tiluvchi va metall kesuvchi arralar plastina (polotno)li, zanjirli va diskli boʻladi. Oʻrmonda daraxtlarni agʻdarishda kerosin (benzin) bilan ishlaydigan arralardan foydalaniladi. Yogʻoch, faner yoki yumshoq metalldan egri chiziqli shakldor buyumlar yasashda ishlatiladigan ramasimon arra lobzik deb ataladi.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |