Kontent qismiga oʻtish

Laziz Qayumov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Laziz Qayumov
Tavalludi 23-aprel 1930-yil
Qoʻqon
Vafoti 11-yanvar 2004
Fuqaroligi Oʻzbekiston va SSSR
Kasbi filolog, manbashunos
Sohasi adabiyot, filologiya
Institutlar Oʻzbekiston milliy universiteti
Taʼlimi oliy
Ilmiy darajasi filologiya fanlari doktori
Ilmiy unvoni professor
Mukofotlari Hamza nomidagi Oʻzbekiston SSR Davlat mukofoti

Laziz Poʻlatovich Qayumov (1930-yil 23-aprel, Qoʻqon – 2004-yil 11-yanvar, Toshkent) – adabiyotshunos, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi (1980), filologiya fanlari doktori (1963), professor (1965).

Laziz Qayumov 1930-yil 23-aprelda Qoʻqon shahrida oʻqituvchi Po‘latjon Qayumov oilasida tugʻilgan[1]. Oʻrta Osiyo davlat universitetining filologiya fakultetini tugatgan (1952). Shu universitetda oʻqituvchi (1953—56), dotsent (1956—65), dekan (1960—62), SSSR xalklari adabiyoti kafedrasining mudiri (1963—85; 1988-yildan). „Oʻzbekiston madaniyati“ (1962— 81), „Sovet Oʻzbekistoni“ (1984—88) gazetaning bosh muharriri[2].

U asosiy ishidan tashqari, ijtimoiy faoliyat bilan ham shugʻullangan. Osiyo va Afrika mamlakatlari bilan doʻstlik jamiyati raisi, Xalqaro adabiyotshunoslar uyushmasi aʼzosi, OʻzSSR „Bilim“ jamiyati til va adabiyot boʻlimi raisi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi va SSSR Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi. 1974-yilda yilning eng yaxshi tanqidiy asarlari uchun SSSR Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmasining Butunittifoq mukofoti bilan taqdirlangan[3].

Hamza ijodiga bagʻishlangan „Inqilob kuychisi“ (Hamza Hakimzoda biografiyasi) (1962), „Inqilob va ijod“ (1964), „Inqilobiy drama“ (1970), „Hamza“ (1973, 1989) kitoblari nashr etilgan. „Shoira Zulfiya“ (1965, 1975) „Olmos isteʼdod“ (1965), „Zamondoshlar“ (1972), „Asr va nasr“ (1975) va boshqalar asarlarida adabiyotshunoslik va oʻzbek adabiyotiga oid muammolar ochib berilgan. „Oʻqituvchi“ (1954), „Gulistoning sening“, „Mehri daryo“ (1975) voqeiy hikoyalar va „Meridiandagi uchrashuvlar“ (1976) publitsistik maqolalar toʻplamlari ham bor. „Barhayot Hamza“ (1967), „Hamza teatri“ (1968), „Farzandingman, Oʻzbekiston!“, „Gul sayli“ (1972) kabi hujjatli filmlar ssenariysi muallifi[4].

  • Olimov M., Laziz Qayumov; Adabiy portret, T, 1980; Laziz Qayumov [Xotiralar], T, 2005.