Kontent qismiga oʻtish

Ensiklopediya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Ensiklopediya (grekcha: ἐγκύκλιος παιδεία — barcha bilimlar doirasida taʼlim olish) yoki qomus ilmiy yoki ilmiy-ommabop nashrdir. Oʻzida barcha (universal ensiklopediya) yoki baʼzi (soha ensiklopediyasi) sohalar boʻyicha nazariy hamda amaliy bilimlarni saqlaydi. Ensiklopediya ensiklopedik maqolalardan iborat boʻlib, har bir maqola biror narsa-buyum, shaxsiyat yoki hodisaga taʼrif beradi. Odatda bunday maqolalar alifbo tartibida saralangan boʻladi[1][2].

Ensiklopediya (yun.— bilimlar doirasi), qomus — muayyan tizimga solingan keng qamrovli bilimlar toʻplami, ilmiy yoki ilmiy ommabop nashr. „Ensiklopediya“ terminining maʼnosi tarixan oʻzgarib turgan. Antik davrda u „Erkin sanʼat“ deb atalgan 7 ilm (grammatika, ritorika, dialektika yoki logika, geometriya., arifmetika, musiqa va astronomiya)ni anglatgan. XVI asrda Gʻarbiy Yevropada ensiklopediya soʻzi yangi maʼnoda — turli bilimlar majmui maʼnosida ishlatilgan. Ayni vaqtda bilimlar tasnifi maʼnosini ham bildirgan; bu maʼnoda „ensiklopediya“ termini XVIII asrda ham qoʻllangan. Hozirgi paytda „ensiklopediya“ termini fanning barcha sohalari boʻyicha (universal ensiklopediya) yoki biror tarmogʻi (soha ensiklopediyasi) yoxud amaliy faoliyat boʻyicha eng muhim maʼlumotlarni oʻz ichiga oluvchi nashrni anglatadi.

Ensiklopediya materiallari, asosan, alifbo tartibida yoki mavzu boʻyicha beriladi. Universal ensiklopediya, odatda, muayyan davlat miqyosida tuzilib, shu davlatda erishilgan fan-texnika, madaniyat yutuqlari darajasini koʻrsatadi. Unda oʻsha davlatning mafkurasi ozmi-koʻpmi aks etadi. Shu maʼnoda ham universal ensiklopediya milliy ensiklopediya hisoblanib, unga „davlatning shahodatnomasi“, „maʼnaviy koʻzgusi“ degan sifatlar ham beriladi. Universal ensiklopediyalarda turli fan sohalaridagi muhim tushunchalar bilan bir qatorda tarixiy voqea va jarayonlar, insoniyat sivilizatsiyasining muhim yutuqlari aks etadi. Soha ensiklopediyasi muayyan fan sohasidagi tushuncha va boshqalar maʼlumotlarni universal ensiklopediyaga qaraganda batafsilroq yoritadi. Hajmiga koʻra, ensiklopediyalar koʻp jildli va 1—2 jildli boʻlishi mumkin.

Ensiklopediya maqolalarida soʻzlarning etimologiyasi, transkripsiyasi, definitsiyasi muayyan tartib bilan beriladi. Yoritilayotgan tushuncha haqida koʻproq maʼlumot olish uchun muhim adabiyotlar roʻyxati (bibliografiya) koʻrsatiladi. Ensiklopediya hajmining muayyan qismini bezak materiallar (oqqora, rangli suratlar, xarita, chizma, sxemalar va boshqalar) tashkil etadi. Ensiklopediya maqolalarida ortiqcha tafsilotlarga, qaytariqlarga yoʻl qoʻyilmaydi (buning uchun tegishli maqolaga havola qilishdan foydalaniladi). Ensiklopediyani tayyorlashda fakt va maʼlumotlar aniqligiga, atama va terminlar oʻz oʻrnida, toʻgʻri ishlatilishiga ahamiyat beriladi. Uning bayonida ilmiylik, ommaboplik, qisqalik, loʻndalikka eʼtibor beriladi.

Ensiklopedik tarzdagi asarlar qadimiy Shumer davlatida, Xitoy, Yunoniston, qadimiy Rimda, keyinchalik arab yozuvidagi mamlakatlarda, xususan, Movarounnahrda paydo boʻlgan. Yunonistonda Demokrit va Aristotel asarlari ensiklopedik asarlar hisoblangan. Oʻrta Osiyo mutafakkirlari — Muhammad Muso Xorazmiy, Ahmad alFargʻoniy, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, [[Imom Buxoriy, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur asarlari ham oʻz davridagi bilimlarni atroflicha qamrab olgan. Imom Buxoriyning „Sahihi Buxoriy“si, Forobiyning „Fanlar tasnifi“, Beruniyning „Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar“, Ibn Sinoning „Tib qonunlari“, „Donishnoma“si, Yusuf Xos Hojibning „Qutadgʻu bilig“, Mahmud Koshgʻariyning „Devonu lugʻotit turk“, Alisher Navoiyning „Majolis un-nafois“, Davlatshoh Samarqandiyning „Tazkirat ush-shuaro“, Zahiriddin Muhammad Boburning „Boburnoma“ asarlari qomuschilik tarixiga qimmatbaho hissa qoʻshilgan.

Vizantiya tilshunosi Svidaning „Leksikon“i (X asr) dan boshlab muayyan tizimga solingan bilimlar lug'atlarda ifodalana boshladi. XVII asr oxiri va XVIII asrda Angliyada P. Beylning „Tarixiy va tanqidiy lugʻat“i katta ahamiyatga ega boʻlgan. 1704-yil J. Xarris „Texnik leksikon yoki Umumiy ingliz sanʼat va fan lugʻati“ning birinchi nashrini chiqargan. „Ensiklopediya yoki fan, sanʼat va kasb-hunarlarning izohli lugʻati“ (1751—80-yillar, 35 jild)ning yuzaga kelishi Fransiya tarixida yirik ijtimoiy-siyosiy voqea boʻldi. Bu ensiklopediyani tayyorlashda mashhur faylasuf D. Didro asosiy rol oʻynadi; uni nashr etishda Sh. L. Monteskyo, Volter, J. J. Russo, J.D,’Alamber ham qatnashgan. 1768—71-yillarda shotland matbaachisi U. Smelli 3 jildli „Britaniya ensiklopediyasi“ni chiqardi. Bir necha marta qayta nashr etilgan ushbu ensiklopediya Angliyaning eng yirik milliy ensiklopediyasi boʻlib qoldi.

XIX asr va XX asrning 1-yarmida Fransiya, Rossiya, AQSH, Germaniya, Italiya, Ispaniya, Turkiya va boshqalar mamlakatlarda ham universal va soha ensiklopediyalari chiqarildi. Bular ichida „Amerika ensiklopediyasi“, „Katta Brokgauz“ (Germaniya), „Katta Laruss“ (Fransiya), „Islom ensiklopediyasi“, Brokgauz va Yefron ensiklopedik lugʻati, Granatlar ensiklopedik lugʻati alohida oʻrin egallaydi.

SSSRda 1925-yildan Katta Sovet Ensiklopediyasiiit uch nashri, 1928-yildan Kichik Sovet Ensiklopediyasining uch nashri, „Ensiklopedik lugʻat“ning bir necha nashri chiqdi. Ushbu universal ensiklopediyalardan tashqari, turli davrlarda bir necha fan tarmoqlaridan va amaliyotdan soha ensiklopediyalari nashr etildi.

60-yillarning oxirida sobiq ittifoqdosh respublikalarda universal ensiklopediyalar nashr etishga kirishildi. Jumladan, Oʻzbekistonda 1971—80-yillarda 14 jildli „Oʻzbek sovet ensiklopediyasi“ (OʻzSE)nashr etildi. Uning birinchi bosh muharriri akademik I. M. Moʻminov boʻlib, 10-jilddan akademik KA.Zufarov bu vazifani bajargan. Unda jami 40000 dan ortiq maqola berilgan. OʻzSE maqolalarining ilmiynazariy va gʻoyaviy-siyosiy yoʻnalishi markscha-lenincha mafkura bilan belgilangan.

SSSR parchalanib ketgandan keyin undan ajralib chiqqan mustaqil mamlakatlar ichida birinchilardan boʻlib Oʻzbekiston Respublikasida universal milliy ensiklopediya tayyorlashga kirishildi. 1997-yil 20-martda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyotini tashkil etish toʻgʻrisida" qaror qabul qilib, nashriyot zimmasiga 12 jildli „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“ni tayyorlash va nashr etishni topshirdi. Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda, shuningdek, „Toshkent“ ensiklopediyasi, 1 jildli Bolalar ensiklopediyasi, Xotin-qizlar ensiklopediyasi, „Islom“ ensiklopediyasi va baʼzi fan tarmoqlaridan soha ensiklopediyalari nashr etildi.


Oʻzbekistonda sovet davrida 14 jildli Oʻzbek Sovet Ensiklopediyasi, mustaqillik davrida esa 12 jildli Oʻzbekiston Milliy Ensiklopediyasi nashr etildi.

  1. „Encyclopedia.“. 2007-yil 3-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Glossary of Library Terms. Riverside City College, Digital Library/Learning Resource Center. Retrieved on: November 17, 2007.
  2. „What are Reference Resources?“. Eastern Illinois University. 2022-yil 22-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 17-dekabr.