Kontent qismiga oʻtish

Janubiy Afrika Respublikasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Janubiy Afrika Respublikasi
Shior!ke e: /xarra //ke
(Xamcha: Diverse people unite)
Madhiya: Nkosi Sikelel iAfrica & Die Stem van Suid Afrika
Location of Janubiy Afrika Respublikasi
Poytaxt Pretoriya (administrative), Keyptaun (legislative), Blumfonteyn (judiciary)
Rasmiy til(lar) Afrikaans, Shimoliy Sothocha, Inglizcha, Janubiy Ndebelecha, Shimoliy Ndebelecha, Swazicha, Tsongacha, Tswanacha, Vendacha, Xhosacha, Zulucha
Hukumat Semi-Prezidentlik Davlat
• Prezident
Kiril Ramafosa
Mustaqillik (BQ Dominion statusini tortiq qildi)
• Sana
31-may 1910
Maydon
• Butun
1,219,912 km2 (25-oʻrin)
• Suv (%)
ahamiyatsiz
Aholi
• 2002-yilgi roʻyxat
44,344,136 (26-oʻrin)
• Zichlik 36/km2
YIM (XQT) 2005-yil roʻyxati
• Butun
AQSh$534,600 mil. (22-oʻrin)
• Jon boshiga
AQSh$12,056
Pul birligi Rand (ZAR)
Vaqt mintaqasi UTC+2
• Yoz (DST)
UTC+2
Qisqartma SF
Telefon prefiksi 27
Internet domeni .za

Janubiy Afrika Respublikasi (JAR) (afrikaanscha: Republiek van Suid-Africa; ing: Republic of South Africa) – Afrika janubdagi mamlakat. Maydoni 1221 ming km². Aholisi 60 mln. kishidan ortiq (2021). Poytaxti—Pretoriya shahri Maʼmuriy jihatdan 9 viloyat (provinsiya)ga boʻlinadi.

Davlat tuzumi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Janubiy Afrika Respublikasi – federalizm nishonalari boʻlgan unitar respublika. Buyuk Britaniya boshchiligidagi Hamdoʻstlik tarkibiga kiradi. 1997-yil 4-fevraldan kuchga kirgan konstitutsiya amal qiladi. Davlat boshligʻi – prezident. Milliy assambleya tomonidan uning aʼzolari orasidan 5 yil muddatga saylanadi. Qonun chiqaruvchi hokimiyat – 2 palatali parlament. U viloyatlarning Milliy kengashi (yuqori palata) va Milliy assambleya (quyi palata)dan iborat. Ijrochi xokimiyatni prezident boshchiligidagi hukumat amalga oshiradi.

Janubiy Afrika Respublikasi hududining yer yuzasi, asosan, plato va yassitogʻliklardan iborat. Qirgʻoqlari deyarli tekis, sohil boʻylab togʻ tizmalari joylashgan. Oranj daryosidan shimolda Kalahari tekisligi bor. Platolarning sharqiy sohilidagi kambar pasttekislikka, janubda Katta Karru soyligiga tik tushgan qismi Katta Jarlik deb ataladi. Drakon togʻlari uning sharqiy qismidir. Drakon togʻlaridagi Tabana-Ntlenyana choʻqqisi (3482 m) Janubiy Afrikadagi eng baland nuqtadir. Katta Karru soyligidan janubda Kap togʻlari (balandligi 2326 m gacha) bor. Iqlimi, asosan, tropik, 30° j. k.dan janubda subtropik. Katta Jarlik Hind okeanidan esuvchi nam shamollarni tusib, ichki hududlarga oʻtkazmaydi. Sharqiy sohilda va Katta Jarlikning sharqiy yon bagʻrida dengiz iqlimi, yillik yogʻin 1000-2000 mm, eng issiq oyning oʻrtacha temperaturasi 25°, sovuq oyniki 18°. Kontinental iqlimli ichki platolarda yillik yogʻin sharqda 750 mm gacha, gʻarbda 150 mm gacha. Yoz oylarining oʻrtacha temperaturasi 27°, janubi-gʻarbida 18°. Subtropik iqlimli janubi-sharqida yillik yogʻin 600-1000 mm, yoz oylarining urtacha temperaturasi 21 – 24°, qish oylariniki 14—17°. Choʻl va chala chul iqlimli gʻarbiy sohili sovuq Bengela oqimi taʼsirida, yillik yogʻin 60-100 mm, yoz oylarining urtacha temperaturasi 15°, qish oylarniki 11°.

Eng yirik daryosi – Oranj (Vall va Kaledon irmoqlari bilan). Shimoli-sharada Limpopo daryosi bor. Hind okeaniga quyiluvchi boshqa daryolari qisqa, sersuv va serostona. Ichki platolardagi daryolar yilning koʻp vaqtida qurib yotadi. Mamlakat hududining 2 % oʻrmon. Mamlakatning sharqiy sohilida shimoliy chegaradan 30° j. k.gacha qizil va qizil-qoʻngʻir tuproqli yerlarda savanna, daryo vodiylarida palma oʻrmonlari bor. Togʻ vodiylarida tropik sernam oʻrmonlar uchraydi. Durbandan Mosselbay shahrigacha boʻlgan sohildagi qoʻngʻir tuproqli yerlarda subtropik oʻrmonlar, Kap togʻlari yon bagʻrida doim yashil butazorlar, platolardagi qizil-qungʻir va qora tuproqli yerlarda baobab va butali savannalar bor. Kalahari tekisligida chul oʻsimliklari oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan arslon, qoplon, yovvoyi mushuk, qashqir, kiyik, zebra, jirafa, fil, karkidon, hasharotlardan termitlar, setse pashshasi, bezgak chivini va boshqa bor.

Yirik hayvonlari kam qolgan. Koyuger, Kalahari-Gemsbok milliy bogʻlari va qoʻriqxonalar bor.

Aholisining 3/4 qismi afrikalik bantu xalqlari (shu jumladan 38,5 % zulular, 27,5 % sotolar, 11,6 % kosalar, 6,6 % shangaantsonga va tsvanalar). Yevropaliklar 5,1 mln. (shundan golland, fransuz, nemis kelgindilarining avlodlari boʻlmish afrikanerburlartaxminan 57,5 %), hindilar 1 mln.ga yaqin, qora tanlilar 3,4 mln. Rasmiy tillari – afrikaans (bur), ingliz, isindebele, sesoto sa leboa, sesoto, savati, xitsonga, setsvana, tshivenda, isikosa va isizulu tillari. Dinlari: xristianlik (aholining 77 %), anʼ-anaviy dinlar (18 %), hindulik, musulmonlik, yahudiylik (3,2 %) va boshqa aholining 60 % shaharlarda yashaydi. Yirik shaharlari: Yoxannesburg, Keyptaun (Kapstad), Durban, Pretoriya va boshqa

Janubiy Afrika Respublikasi aholisining qad. va oʻrta asrlarga oid tarixi kam oʻrganilgan. Janubiy Afrika Respublikasining qad. aholisi gottentot (koykoin)lar, bushmen (san)lar va keyinchalik bu yerga kelib oʻrnashgan bantu xalqlaridir. Arxeologik qazishlar (topilgan oltin va boshqa buyumlar)dan maʼlum boʻlishicha, Transvaal hududi (milodiy 1-ming yillik)da madaniyat yuqori boʻlgan, temir, mis va boshqa metallar eritilgan.

17-asr 50-yillarida Gollandiyaning Ost-Indiya kompaniyasi Janubiy Afrika Respublikasida Kap manzilgohini tuzdi. Manzilgoh hududi sekin-asta kengaya bordi. Golland va fransuz kelgindilari – burlar (keyinchalik oʻzlarini afrikanerlar deb atashgan) mahalliy aholini boʻsh yerlarga siqib chiqarib, quldorlik xoʻjaliklarini tuzdi. Bu xoʻjaliklarda mahalliy aholi va Gʻarbiy Afrika, Madagaskar, Osiyoning turli davlatlaridan keltirilgan qullar mehnat qildi. Janubiy Afrika Respublikasi mahalliy aholisining mustamlakachilik zulmiga qarshi kurashi 17-asrdayoq boshlanib, 1870—80 yillarda kuchaydi. 1838, 1879 va 1906-yillardagi zulu xalqining urushi va qoʻzgʻolonlari, basutolarning 1880-yilgacha davom etgan qurolli harakatlari Afrika xalqining mustamlakachilikka qarshi kurashida eng muhim tarixiy voqealardan hisoblanadi. 18-asr oxiri va 19-asr boshlarida Buyuk Britaniya Kap manzilgohini bosib oldi. Ingliz xukumatining zulmi burlarni Kap manzilgohidan shimolga – kosa, zulu, basuto, botsvan va boshqa bantu xalqlari yerlariga kirib borishga majbur qildi. 19-asr 50-yillarida bur respublikalari – Janubiy Afrika Respublikasi (Transvaal) va Ozod Oranj davlati tuzildi.

19-asr 60-yillari oxiri va 80-yillari oʻrtalarida Janubiy Afrikada olmos konlari topilgach, inglizlar bantu xalqlarining mustaqil qududlarini shafqatsizlik bilan tortib ola boshladi. 1899—1902-yillardagi inglizburlar urushidan keyin bur respublikalari Angliya qoʻl ostiga oʻtdi. 1910-yilda esa Britaniya imperiyasining dominioni boʻlgan Janubiy Afrika Ittifoqi (JAI) tuzildi.

Janubiy Afrikada olmos va oltin konlarining ochilishi bilan jamiyatning ijtimoiy tarkibi keskin oʻzgardi: ishchilar va sotsialistik harakatlar paydo boʻldi. 19-asrning 40—50-yillarida kasaba uyushmalarining birinchi tashkilotlari tuzildi. 80-yillarga kelib, ular yevropalik ishchilarning yirik kasaba uyushmalariga aylandi.

1912-yil hukumatning aparteid siyosatiga qarshi Afrika milliy kongressi (Sahroi Kabirdan janubda yashovchi afrikaliklarning eng yirik tashkiloti) tuzildi. 1-jaort-Shepeto HIND OKEANI hon urushida JAI Buyuk Britaniya tomonida ishtirok etdi. Urushdan soʻng Germaniya Janub-Gʻarbiy Afrika (Namibiya)ni boshqarish uchun Millatlar Ittifoqi mandatini oldi.

JAIda ishchi va milliy ozodlik harakati avj oldi. Oq tanli ishchilar va afrikaliklarning yirik ish tashlashlari boshlandi. 1920-yil boshlarida afrikalik konchilarning birinchi umumiy ish tashlashi (70 mingdan oshiq kishi), 1922-yil martda oq tanli konchilarning qurolli qoʻzgʻoloni boʻlib oʻtdi.

Ikkinchi jahon urushida JAI gitlerchilarga qarshi koalitsiya tomonida qatnashdi, ammo afrikanerlarning ashaddiy millatchilari fashist Germaniyasi bilan hamkorlik qilishdi.

Urushdan soʻng Janubiy Afrika Respublikasining Yevropadagi davlatlar bilan aloqasi kuchaydi. Hokimiyat Millat partiyasi qoʻliga oʻtgach (1948), mamlakatda reaksiya kuchaydi. Bu partiya rahbarlaridan D. F. Malan (1948-54), I. G. Streydom (1954-58), X. F. Fervurd (1958—66), B. Forster (1966—79) va P. Bota (1980—89) davrida terror va irqiy kamsitish kuchaydi. Partiyaning aparteid siyosati tufayli afrikaliklar, metislar, indeyslar hayoti yanada ogʻirlashdi. 1961-yil 31-mayda JAI hukumati „oq tanli“lar oʻrtasida referendum oʻtkazib, mamlakatni Janubiy Afrika Respublikasi deb eʼlon qildi.

Aparteid siyosatiga qarshi kurash 1980-yillarda ayniqsa kuchaydi. Hukmron Millat partiyasi hukumati irqchilik qonunlarini bekor qilishga majbur boʻldi, siyosiy partiyalarning, shu jumladan Afrikaliklar Milliy Kongressi faoliyatiga ruxsat berildi. 1991-yilda parlament turar joylarda va yer egaligida irqiy ayrimachilikni bekor qildi. 1994-yilda muvaqqat konstitutsiya kuchga kirdi. Shu yil aprelda Milliy assambleyaga koʻp irqli saylov boʻldi. Afrikaliklar Milliy Konfessi raisi N. Mandela Janubiy Afrika Respublikasi prezidenti etib saylandi. 1999-yildan prezident T. Mbeki. Janubiy Afrika Respublikasi – 1945-yildan BMT aʼzosi. Milliy bayrami – 27-aprel – Ozodlik kuni (1994). Oʻzbekiston Respublikasi bilan diplomatiya munosabatlarini 1992-yil 12-avgustda oʻrnatgan.

Asosiy siyosiy partiyalari va kasaba uyushmalari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Janubiy Afrika Afrikaliklar Milliy Kongressi, hukmron partiya, 1912-yilda asos solingan; Yangi millat partiyasi, 1914-yilda tashkil etilgan; Demokratik partiya, 1989-yil tashkil etilgan; Janubiy Afrika konservativ partiyasi, 1982-yil tuzilgan; Milliy xalq partiyasi; Panafrika kongressi, 1959-yil tuzilgan; Janubiy Afrika Kommunistok partiyasi, 1921-yil tuzilgan. Janubiy Afrika kasaba uyushmalari kongressi, 1985-yil tashkil etilgan. Janubiy Afrika Respublikasi – xoʻjaligi yuksak darajada rivojlangan industrialagrar mamlakat, Afrikada iqtisodiy jihatdan eng taraqqiy etgan davlat. Unda sanoati rivoj topgan mamlakatlarga xos koʻrsatkichlar ham, uchinchi dunyo mamlakatlari uchun xos boʻlgan ayrim iqtisodiy belgilar ham uchraydi. Sanoat ishlab chiqarish hajmi jihatidan Janubiy Afrika Respublikasi dunyodagi 20 yetakchi industrial mamlakat katoriga kiradi. Butun Afrika xududining 5 % ni va aholisining 9 % ni egallovchi Janubiy Afrika Respublikasi ulushiga qitʼa yalpi ichki mahsulotining 27 %, sanoat mahsulotining 40 %, qishloq xoʻjaligi mahsulotining 30 % toʻgʻri keladi.

Iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlari – ishlab chiqaruvchi sanoat (yalpi ichki mahsulotning 22,6 %), konchilik sanoati (13 %), moliya (15,21 %), savdo va sayyoxlik industriyasi (11,52 %), transport va aloqa (9,11 %), qishloq xoʻjaligi (5 %) va baliqchilik (4,7 %). Xizmat koʻrsatish sohasi, neft va gaz qazib olish hamda qayta ishlashni istiqbolli sohalar qatoriga qoʻshish mumkin.

Sanoati. Janubiy Afrika Respublikasi oltin (yiliga oʻrtacha 530 t dan koʻproq), platina metallari guruxi (100 t ga yaqin), vanadiy, xrom va marganets rudalari, surma, olmos qazib olishda dunyoda oldingi oʻrinlarda, koʻmir qazib chiqarishda 5-oʻrin, uran qazib chiqarishda 7-oʻrinda turadi. Temir rudasi, mis, asbest va boshqa ham qazib olinadi. Yiliga oʻrtacha 170 mlrd. kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Qora metallurgiya, mashinasozlik, kimyo, neftni qayta ishlash, sement, toʻqimachilik, oziq-ovqat sanoati rivojlangan.

Qishloq xoʻjaligi mahsulotining deyarli hammasi oq tanlilarga qarashli fermer xoʻjaliklari hissasiga toʻgʻri keladi. Asosiy ekinlari: makkajoʻxori (7,7 mln. tonna, 1999), shakarqamish (21 mln. tonna), bugʻdoy (1,5 mln. tonna), kartoshka, tamaki, sitrus va boshqa mevalar. Mamlakat hududining taxminan 80 % (98 mln. gektar)dan qishloq xoʻjaligi maqsadlari uchun foydalaniladi. Qariyb 1,4 mln. gektar yer sugʻoriladi. Ekinlarni sugʻorish uchun Vaal, Ulifants, Krokodayl, GreytFish va boshqa daryolardan suv olinadi. Chorvachilikda qoramol, qoʻy, echki, choʻchqa boqiladi. Qoʻy juni yetishtirishda mamlakat faqat Avstraliya, Yangi Zelandiya, Argentinadan keyingi oʻrinda turadi. Sut chorvachiligi asosan yirik shaharlar atrofida.

Transporti. $1ransport yoʻlilarning uz. – 33,8 ming km, shundan 5 ming km ga yaqini elektrlashtirilgan. Qattiqqoplamali avtomobil yoʻllarining uz. – 56,4 ming km. Neft va neft mahsulotlari portlardan asosiy sanoat markazlariga quvurlar orqali oqiziladi. Dengiz floti rivojlangan. Eng muhim portlari: Durban, Keyptaun, Port-Elizabet, IstLondon. 3 ta xalqaro aeroport bor.

Tashqi savdo aylanmasi yiliga 40 mlrd. AQSH dollaridan oshadi. Chetdan asosan mashina va asbob-uskunalar sotib oladi, chetga mineral va qishloq xoʻjaligi xom ashyosi, olmos va metallar, kimyo va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari chiqaradi. Janubiy Afrika Respublikasi jun eksport qilishda dunyoda 4-oʻrinda turadi. Yiliga salkam 70 mln. litr vino eksport qiladi. Tashqi savdodagi asosiy mijozlari: AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Yaponiya, Shveysariya, Pul birligi – rand.

Tibbiy xizmati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Janubiy Afrika Respublikasida aparteidga barham berilgunga qadar sogʻliqni saqlash sohasida oq tanli va qora tanli aholi orasida katta ayirmachilik hukm surar edi. Oʻrtacha umr koʻrish, bolalarning nobud boʻlishi, kasalxonalardagi oʻrinlar kabi koʻrsatkichlar keskin farq qilardi. Koʻpchilikni tashkil etuvchi qora tanlilar vakillari hokimiyatni qoʻlga olgach, tibbiyot sohasida ham tenglikka erishish choralari kurila boshladi. Sogʻliqni saqlashga ajratiladigan mablagʻ koʻpaydi. Shifokorlar 7 ta untning tibbiyot fakultetlarida tayyorlanadi.

Maorifi, madaniy-maʼrifiy va ilmiy muassasalari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Hozirgi Janubiy Afrika Respublikasi hududiga yevropaliklar kelgunga qadar (17-asr oʻrtalarigacha) afrikalik yoshlarga taʼlim berish anʼanaviy afrikacha yoʻldan borgan: keksalar yosh avlodga turmush koʻnikmalari va hayot falsafasini oʻrgatar edi. Yevropaliklarning dastlabki manzilgoxlari barpo etilgach, ularning farzandlari cherkov ruxoniysidan diniy kitob oʻqishni oʻrganardi. Soʻng „sayyoh oʻqituvchilar“ paydo boʻldi. Xristian dini targʻibotchilari (missionerlar) 18-asr oxiri – 19-asr boshlarida dastlabki maktablarni ochishdi. Inglizlar avval boshdanoq bu maktablarda yevropaliklar va mahalliy millat bolalarining alohida-alohida oʻqishini joriy etdilar. Aparteid tugatilguncha maorif qatʼiy irqiy tamoyilga asoslangan va oq tanlilar, qora tanlilar, bantular, indlarning farzandlari turli maktablarda, har xil dastur asosida oʻqitib kelindi, ulardagi taʼlim darajasi, moddiy sharoit bir-biridan mutlaqo farq qilar edi. Aparteidga barham berilgandan soʻng maorif sohasida ham ayirmachilikni tugatish choralari koʻrildi. 1995/96 oʻquv yilida maorif ehtiyojlari uchun 8,9 mlrd. AQSH dollari miqdoridagi mablagʻ, yaʼni davlat byudjetining 21,2 % sarflandi. Jami oʻquvchilar 9,3 mln. kishiga yetdi. Boshlangʻich maktab oʻqituvchilari kollejlarda, oʻrta maktab oʻqituvchilari 17 universitet va 3 politexnika institutida tayyorlanadi. Yirik universitetlar: Pretoriya, Vitvatersrand, Stellenbosh, Keyptaun untlari. Yirik kutubxonalari: Blumfonteyndagi ommaviy kutubxona (1875-yilda tashkil etilgan), Keyptaundagi shahar (1952), Parlament (1857), Janubiy Afrika ommaviy (1818) kutubxonalari, Keyptaun universitetining kutubxonasi (1829). Asosiy muzeylari: Blumfonteyndagi Milliy muzey, Janubiy Afrika tabiat tarixi muzeyi, Janubiy Afrika madaniyat tarixi muzeyi, Keyptaundagi Milliy galereya.

Ilmiy ishlarni uyushtirish va muvofiqlashtirish davlat markazi – Ilmiy va sanoat tadqiqrtlar kengashi 1945-yilda tashkil etilgan. Uning qaramogʻida elektrotexnika, matematika, oʻrmonchilik va boshqa institutlar, Kosmik nurlarni tadqiq qilish birlashmasi, bir qanchalab., rasadxona va ilmiy stansiyalar bor. Atom energiyasi komissiyasi (1948-yilda tuzilgan), Janubiy Afrika Respublikasi ilmiy va texnikaviy jamiyatlari uyushmasi (1920), Janubiy Afrika fan va sanʼat akademiyasi (1909), Ijtimoiy tadqiqotlar kengashi (1969), Janubiy Afrika qirollik jamiyati (1877) va boshqa eng yirik ilmiy tashkilotlardir.

Matbuoti, radio eshittirishi va telekoʻrsatuvi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Janubiy Afrika Respublikasida 20 dan koʻproq umummilliy (hammasi boʻlib 220 dan ziyod) gaz. va 700 ga yaqin jurnal nashr etiladi. Eng yirik gaz.lari: „Sandi tayme“ („Yakshanba vaqti“, 1906-yildan), „Rapport“ (1970-yildan), „Souetan“ („Souetoliklar“, 1981-yildan), „Star“ („Yulduz“, 1887-yildan). Janubiy Afrika radioeshittirish korporatsiyasi 1936-yilda tashkil etilgan. Telekoʻrsatuvlar 1976-yildan olib boriladi. Janubiy Afrika matbuot uyushmasi (Saut Afriken Press Assoshieyshn – SAPA) aksiyadorlik axborot agentligi 1938-yil tashkil etilgan.

Adabiyoti bantu xalqlari (zulu, soto, kosa, tsvana), shuningdek, ingliz va afrikaans tillarida rivojlanmoqda. Folklori ilk mustamlakachilik davrida vujudga kelgan qahramonlik dostonlarini, afsonalarni, zulu afsona ertaklarini, jonivorlar haqidagi bushmen va gottentot rivoyatlarini, hikmatli maqollar va matallarini oʻz ichiga oladi. Afrikaliklarning yozma adabiyoti 19-asrning 2-yarmida mahalliy tillarda lotin grafikasi asosidagi alifbo joriy etilishi bilan boshlandi.

Xristian daʼvatkorlari nazoratidagi afrikalik adiblar yevropacha janr shakllaridan foydalanib, azaliy mahalliy anʼana va qadriyatlarning yevropacha qadriyatlar bilan toʻqnashuvini tasvirlashga hamda ularni bir-biri bilan murosaga keltirishga urindilar. 19-asr oxirida mustamlakachilikka, irqchilikka qarshi norozilik adabiyoti vujudga keldi.

19-asr oxiri – 20-asr boshlarida publitsistika, hikoya, romanlar paydo boʻldi. Atoqli demokrat adiba O. Shreynerning „Afrika fermasi“ asari qahramonlari burjua jamiyati illatlarini fosh qildilar. Birinchi basuto yozuvchisi T. Mofoloning zulular dohiysi haqidagi „Chaka“ romani diqqatga sazovor. Janubiy Afrika Respublikasi adabiyotida irqiy munosabat asosiy mavzu boʻlib qoldi. 20-asrning 20—30-yillarida J. Dube, M. Fuze, R. Zlomo va boshqalarning tarixiy va publitsistik romanlari paydo boʻldi.

Ikkinchi jahon urushidan keyin „norozilik adabiyoti“ tez surʼatlar bilan rivojlandi. A. Peytonning „Yigʻla, sevimli yurtim“, „Loyxoʻrak, juda kechikding“, N. Gordimerning „Kelgindilar yeri“, „Matbuot uchun emas“ va boshqa asarlari irqchilik va irqiy xurofotni qoralash ruhida yozilgan. I. Abrahamsning „Konchi“, J. Koupning „Ajoyib uy“, J. Gordonning „Bu kunga laʼnat“ va E. Mpaxlelening „Ikkinchi koʻcha boʻylab“ romanlari, shuningdek, G. Blumning „Transvaaldagi voqea“, F. Altmanning „Quzgʻunlar qonuni“ romanlari va boshqa asarlarda ishchilarning birdamligi, zulularning talonchilarga qarshi qahramonona kurashi va boshqa voqealar aks ettirilgan, irkchylik fosh etilgan. Janubiy Afrika Respublikasi adabiyotining eng yaxshi namunalari (J. Koupning „Darz ketgan osmon“ hikoyalar toʻplami va boshqalar) oʻzbek tiliga tarjima qilingan.

Meʼmorligi va tasviriy sanʼati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Miloddan avvalgi 7-ming yillikka va mil.ning oxirgi acrlariga mansub qoyatoshlarga yoʻnib va uyib ishlangan rasmlar (fil, karkidon, begemot, jirafa, zebra, kiyik va boshqalar) saqlangan. Afrikaliklarning turar joylari asosan taxta, tunuka va boshqalarlardan qurilgan kulba-chaylalardan iborat. Pretoriya, Keyptaun, Yoxannesburg kabi yirik shaharlarda 17—18-asrlarda qurilgan golland meʼmorligiga xos binolar bor. 1666—72 yillarda tarhi 5 burchakli tosh qoʻrgʻon qurilgan (meʼmori P. Dombayer). 18-asr oxirlarida meʼmor L. M. Tibo Kap manzilgohi meʼmorligiga fransuz klassitsizmi uslubini olib kirdi. 19-asrdan Port-Elizabet, Durban, Blumfonteyn, Pretoriya, Yoxannesburg va boshqashaharlardagi koʻplab imoratlar toʻgʻri chiziqli rejaga binoan va qorishiq uslubda qurildi. Keyptaunda yangi gotika, Yoxannesburgda yangi klassika uslublari ustunlik qilgan boʻlsa, Pretoriyada „Kap meʼmorligi anʼanalari“ga rioya qilindi. Shaharlarning chekkalarida afrikaliklar yashaydigan pastqam kulbalar paydo boʻldi. Janubiy Afrika Respublikasi meʼmorligiga 20-asrning 20-yillarida R. Martinsen, U. Makintosh kabi meʼmorlar yangilik kiritishdi, hashamatli jamoat binolarining loyihalarini tuza boshlashdi. 30-yillarda Yevropa va Amerika mashhur meʼmorlari (Le Korbyuzye, L. Kan, O. Nimeyer va boshqalar) samarali taʼsir oʻtkazdilar. 60—70-yillar Pretoriya markazi qayta qurildi, Yoxannesburgda mahobatli teatr (meʼmor D. Ross) va 50 qavatli Karlton markaz (meʼmorlar Rods-Harrison, Mellous, Xoffe) va boshqa inshoatlar barpo etildi. Jamoat va maʼmuriy binolar yuksak badiiy did, murakkab meʼmoriy yechimlar bilan qurilganligi, ularda haykaltaroshlik, rassomlik, mozaika unsurlaridan foydalanilganligi koʻzga tashlanadi. Shahar tashqarisidagi bogʻlarda badavlat oilalar uchun shinam koshonalar barpo etildi. Zulu, kosa, ndebele, basuto kabi mahalliy aholi vakillari hamon loy, boʻyra va xashakdan qurilib, turli naqshlar bilan bezatilgan kulbalarda yashashni afzal koʻradilar. Shaharlardagi zamonaviy meʼmorlikda temirbeton, oyna va plastmassadan keng foydalaniladi. Poytaxtda rasmiy muassasalar, bank, doʻkon, mehmonxonalar, ularning atrofida turar joylar qurilgan. Janubiy Afrika Respublikasi milliy badiiy sanʼat maktabi 17-asr oʻrtalarida uzoq vaqtdan beri shu yerda istiqomat qiluvchi yevropaliklar sanʼati taʼsirida vujudga keldi. Janubiy Afrikaning birinchi haykaltaroshi A. Anreytning nemis barokko va rokoko uslubidagi asarlari Keyptaun va boshqa baʼzi shaharlar yirik meʼmoriy yodgorliklarini bezagan. 19-asr oʻrtalaridagi yevropalik rassomlardan T. U. Bouler va D. U. Angas afrikaliklar qiyofasini mehr bilan tasvirlagan. Afrikalik rassomlardan J. Sekotoning qitʼa tabiati va hayotini tasvirlovchi asarlari birinchi boʻlib yevropaliklar eʼtirofiga sazovor boʻldi. Yogʻoch uymakori J. Kekan, rassom S. Mvusi, haykaltarosh S. Kumalo, tosh oʻymakori J. Kubxek va boshqa koʻpgina jamoat binolarini barpo etishda oʻz sanʼati bilan hissa qoʻshdilar. Mamlakat amaliy sanʼatida metallsozlik (temir bolta, pichoq, mis bilaguzuk, munchoq), kulollik, oʻymakorlik, koʻnchilik, toʻqimachilik, yogʻoch buyumlar ishlash kadimdan rivojlangan. 20-asr oʻrtalarida Keyptaunda Janubiy Afrika rassomlari uyushmasi tuzildi. I. Stern (rassom ayol), grafik va yogʻoch oʻymakori L. Lipshits, manzarachi rassomlardan S. Sedibane, S. Zondi, M. Zvane va boshqalarlarning Janubiy Afrika voqeligi va manzaralarini aks ettiruvchi asarlari mashhur.

Musiqiy madaniyati mamlakat tub joy aholisi va oq tanlilar musiqasidan iborat. Bushmen va gottentotlarning qad. musiqiy shakllari bilan bir qatorda zulu, kosa, venda va boshqalarning rivojlangan badiiy ijodiyoti mavjud. Maye., matebele va shona xalqlarining ommaviy qoʻshiqlarida koʻp ovozli usullardan keng foydalaniladi. 20-asrdatub joy aholisining ijodi gurkirab rivojlana boshladi. Milliy, yevropa (xristian diniy qoʻshiqlari) hamda amerika (jaz, Lotin Amerika raqs usullari va boshqalar) musiqa anʼanalarining uygʻunlashuvi negizida 1930—50 yillari anʼanaviy qoʻshiqchilikning yangi – „kvela“, „mbube“, keyinchalik – „jayv“ uslublari yuzaga keldi. Janubiy Afrika Respublikasining shahar va qishloqlarida yashovchi oq tanli aholining qoʻshiq va raqslari ham oʻziga xos. Ingliz musiqachisi U. G. Bell 1912-yil Keyptaundagi Janubiy Afrika kollejiga direktor boʻlgan paytdan musiqiy madaniyatni rivojlantirish yoʻlida koʻp ish qildi. 20-asrning 1-yarmida P. Reynir, G. Fagan, B. Gerstman, A. van Veyk va boshqalarning kompozitorlik maktabi yuzaga keldi. 20-asrning 2-yarmida milliy opera janri yaratildi. Uning eng yaxshi namunalaridan biri – „King-Kong“ (muallifi T. Matchikiza, 1959) Yevropa va AQSH sahnalarida xam ijro etildi. G. Skosan va boshqa Leshoayning dolzarb mavzudagi operalariga xalq qoʻshiqchiligi anʼanalari singdirib yuborilgan. Qoʻshiqchilardan M. Makeba, J. Mogoton, N. Mdledle, P. Fango, T. Kumalolar mashhur. Janubiy Afrika Respublikasi universitetlarining musiqa ftlari musiqa taʼlimi va bu sohadagi ilmiy faoliyat markazlaridir. Yoxannesburg, Pretoriya va boshqa yirik shaharlardagi sanʼat ishlari kengashlari va musiqa jamiyatlari katta tashkilotchilik ishlarini olib boradi.

Teatri qishloqlarda qad. maishiy va diniy marosimlar, musiqa, raqs, qoʻshiqdar asosida shakllangan. Yevropaliktruppalar 18-asr oxirlarida dastlabki teatr tomoshalarini koʻrsatishdi. 1801-yilda Keyptaunda teatr binosi qurildi. Unda chetdan kelgan truppalar bilan bir qatorda Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Germaniya, Fransiyadan koʻchib kelib oʻrnashib qolganlarning mahalliy havaskorlik jamoalari ham tomosha koʻrsata boshladi. Dramaturg, bastakor, sahnalashtiruvchi Sh. E. Bonifas va L. A. Myoranning faoliyati 19-asr boshlarida teatrni rivojlantirishda katta ahamiyatga ega boʻldi. 19-asr 2-yarmida Yevropadan, asosan Buyuk Britaniyadan professional jamoalar koʻplab kelib, butun mamlakatda inglizcha tomoshalar koʻrsata boshladi. Afrikaans tilidagi teatr 20-asr boshlarida rivojlandi. Dramaturglardan M. Brink va Ya. X. de Vaalning xizmati katta buldi. 20-yillarda afrikaans tilida dastlabki professional teatrlar vujudga keldi. Teatr arboblari irkchilik va aparteidga qarshi kurashga, qora tanli aholining siyosiy ongini oʻstirishga va uning insoniy qadr-qimmatini qaror toptirishga hissa qoʻshdilar. „Kingkong“, „Qonli tugun“, „Yashash uchun kurash“, „Vuka“ kabi spektakllarda irqiy ayirmachilikka qarshi kurash aks etgan.

Janubiy Afrika Respublikasida qora tanli artistlar federatsiyasi, Pretoriya teatr tashkiloti tuzilgan. Ular afrikaliklardan artist va dramaturglar tayyorlaydi. Zululend universitetida drama kafedrasi bor. Turli millat va irq namoyandalari ishtirokidagi teatr truppalari vujudga kelgan.

Kinosi. Janubiy Afrika Respublikasi hududidagi dastlabki hujjatli filmlar 1898-yilda yaratilgan. 1912-yildan kinoxronikalar chioʻarila boshlagan. 1915-yildan „Kilarni film“ studiyasida badiiy filmlar ishlab chiqarish muntazam tuc oldi. Tovushli kino paydo boʻlgach, afrikaans va ingliz tillarida filmlar suratga olishga kirishildi. 1964-yilda tuzilgan Milliy kinematografiya kengashi xronika filmlari chiqarilishiga rahbarlik qildi. Ixtiyorida katta kino jamgʻarmasi mavjud boʻlgan Janubiy Afrika kino instituti mamlakat sayyoxdik filmlarini chet ellarda targʻib qilish bilan ham shugʻullanadi. Tarixiy epopeyalar („Shangandagi soqchi“, rejissyor D. Milin), turli komediya, melodrama, musiqiy lentalar yaratildi. 70 —80 yillardagi ayrim filmlarda („Bosman va Lena“, „Mehmon“ – rejissyor R. Devenisha, „Bexuda ran“— rejissyor V. Kentrij, „Bobojon, oʻng oyogʻingizdan ajraddingiz“ – rejissyor Yu. Eshmed) irqchilikni tanqid qilishga harakat qilingan. Biroq Janubiy Afrika Respublikasidagi aparteid tartibotini ayblovchi filmlar – „Aslingga qayt, Afrika“, „Uygʻon, vulkan“, „Muloqotning intihosi“, „Dimbazdagi soʻnggi qabr“, „Qarshilik avlodi“, „Besh taqdir“ yashirin tarzda suratga olindi va oʻsha vaqtda mamlakat ekranlariga chiqmadi.

Irqchilik kishanlaridan kutulgan Janubiy Afrika Respublikasi kinochilari endigina erkin ijod yoʻliga chiqib oldilar.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil