Molikiylik
Molikiylik (arabcha: مالكي) — sunniylikdagi diniy-huquqiy mazhablardan biri. Molik Ibn Anas asos solgan. Molikiylik Madinada paydo boʻldi, Arabiston yarim oroliga, keyin Misr, Shimoliy Afrika va Andalusiyaga tarqaldi. Molik ibn Anasning „al-Muvattaʼ“ (ommaviy, barchaga tushunarli maʼnosida) asari molikiylik taʼlimotining asosiy manbai hisoblanadi.
Molikiylik tarafdorlari Muhammad paygʻambar hayotligi vaqtida ilk islomda shakllangan fiqh meʼyorlarini tan oladi, fiqhning asosiy manbai sifatida Qurʼon va sunnaga tayanadi, Madinaning savodli aholisi yakdillik bilan maʼqullagan qoidalarnigina ijmo deb hisoblaydi. Shu bilan birga musulmonlarning umumiy manfaatlariga javob beruvchi shariat hukmlariga monelik qilmaydi. Hozirgi vaqtda ham bu mazhab qoidalarining Marokash, Tunis, Jazoir va Liviya nikoh-oila va mulkka oid huquqiga sezilarli taʼsiri bor. U Liviyaning bir qancha jinoyat qonunlari asosini tashkil etadi.
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Husniddinov 3., Islom: yoʻnalishlar, mazhablar, oqimlar, T., 2000.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |