Ozodlikdan mahrum qilish
Ozodlikdan mahrum qilish — jinoyat sodir etishda aybdor boʻlgan shaxsni maxsus ajratilgan tarbiyaviy muassasalarda majburiy ravishda jamiyatdan ajratishda ifodalanadigan jazo turi. Ozodlikdan mahrum qilish asosiy va eng ogʻir jazolardan biri hisoblanadi. U mahkumlarga nisbatan jiddiy cheklashlar qoʻllash bilan bogʻliqdir. Mahkum faqat jamiyatdan ajralib qolmasdan, balki harakatlanish, mehnat faoliyatini tanlash erkinligidan ham mahrum boʻladi, oʻz vaqtidan foydalanish imkoniyati cheklanadi va hokaza.
Ozodlikdan mahrum qilishning maqsadi — aybdor (jinoyatchi)ni jamiyatdan ajratish yoʻli bilan uning jinoiy faoliyatini davom ettirish imkoniyatini yoʻqotish, tarbiyalash, shuningdek, boshqa beqaror fuqarolarga ogohlantiruvchi taʼsir koʻrsatishdir. Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi tegishli moddasi sanksiyasi ozodlikdan mahrum qilish toʻgʻridan-toʻgʻri koʻrsatilgan hollardagina ushbu jazo chorasi qoʻllanadi.
Ozodlikdan mahrum qilish Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi moddasi bilan belgilangan doirada muayyan muddatga sud tomonidan tayinlanadi. Ozodlikdan mahrum qilish muddati 6 oydan 20 yilgacha belgilangan, bir necha jazolarni qoʻyish tartibida esa 25 yilgacha belgilanishi mumkin. Mahkumlar ozodlikdan mahrum qilish jazosini turli tarbiyaviy muassasalarda oʻtaydilar, uning turlarini sud oʻz hukmida belgilab beradi. Ular manzil koloniyalar, umumiy, qattiq va maxsus tartibli koloniyalar yoki turmalar boʻlishi mumkin[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |