Kontent qismiga oʻtish

Vrach

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Vrach (rus.) — oliy maʼlumotli tibbiyot xodimi; ogʻzaki nutqda "doktor" (lot.) V. maʼnosini anglatadi (mahalliy talaffuzda "doʻxtir" deyiladi). V. faoliyati bemorlarni davolash va kasalliklarning oldini olish choralarini koʻrishdan iborat. V. shifokor burchi haqidagi tushunchani ham oʻz ichiga oladigan vrachlik etikasi (qarang Tibbiyot deontologiyasi)t& amal qiladi. Birinchi shoshilinch tibbiy yordam berish — V. burchlaridan biridir. V.lar bir nechta mutaxassisliklarga ajratiladi: bakalavr, umumamaliyot shifokori, magistr, sogʻliqni saqlash tashkilotchilari, terapevtlar (ichki kasalliklar boʻyicha), pediatrlar (bolalar kasalliklari boʻyicha), neonatologlar (yangi tugʻilgan chaqaloqlarga qaraydigan), jarroxlar, sanitariya V.lari, akusher-ginekologlar (ayollar kasalliklari boʻyicha), nevropatologlar (nerv kasalliklari boʻyicha), psixiatrlar (ruhiy kasalliklar boʻyicha), dermatovenerologlar (teri va tanosil kasalliklari boʻyicha), stomatologlar (tish va ogʻiz boʻshligʻi kasalliklari boʻyicha), otorinolaringologlar (quloq, tomoq va burun kasalliklari boʻyicha), ortopedtravmatologlar (tugʻma va orttirilgan shikastliklar boʻyicha), onkologlar (oʻsma kasalliklari boʻyicha), gematologlar (qon kasalliklari boʻyicha), transfuziologlar (qon xizmati boʻyicha), urologlar (siydik ajratish tizimi kasalliklari boʻyicha), infeksionistlar (yuqumli kasalliklar boʻyicha) va hokazo V.ning asosiy vazifasi inson sogʻligʻini saqlashdir; bu Oʻzbekiston vrachining qasamyodida bayon etilgan. Oʻzbekistonda 1- va 2-Toshkent, Samarqand, Andijon, Buxoro tibbiyot institutlari, Toshkent tibbiyot pediatriya instituti hamda Urganch, Nukus, Fargʻona untlarining tibbiyot fakultetlari V.lar yetkazib beradi. V.larni ixtisoslashtirish va malakasini oshirish maqsadida ular maxsus institut (Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti va b.) va chet ellarga yuborib turiladi. Amaliy faoliyati va mehnat stajiga koʻra oliy, birinchi va ikkinchi toifali V.lar boʻladi.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil