Kontent qismiga oʻtish

Navoiy viloyati

Koordinatalari: 42°0′0″N 64°15′0″E / 42.00000°N 64.25000°E / 42.00000; 64.25000
Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Navoiy viloyati
viloyat
Maʼmuriy markazi Navoiy shahri
Yirik shahari Navoiy shahri
Boshqa yirik shaharlari Navoiy, G'ozg'on, Zarafshon, Uchquduq shaharlari
Asos solingan sanasi 1982-yil
Hokim Normat Tursunov[1]
YAIM 10.6 Mlrd $  (3-oʻrin)
Aholi (2024)
1 million 075 ming kishi
(2.8 % ,  (13-oʻrin)
Zichligi 9.6 kishi./km²
Millatlar tarkibi O'zbek,Qozoq,Rus,Qoraqalpoq
Dinlar tarkibi musulmonlar
Maydoni 111,100 km² (24.8 %, 111.100 Km/kv-oʻrin)
Vaqt mintaqasi UTC+5
Kod ISO 3166-2 UZ-NW
Telefon kodi +99879
Pochta indeksi 210100
Internet domeni uz
Avtomobil raqami kodi 85
Rasmiy sayti http://navoi.uz/
Xaritada
Navoiy viloyati xaritada
Navoiy viloyati, Xarita
42°0′0″N 64°15′0″E / 42.00000°N 64.25000°E / 42.00000; 64.25000

Navoiy viloyati — Oʻzbekiston Respublikasi tarkibidagi viloyat. 1982-yil 20-aprelda Buxoro va qisman Samarqand viloyatlari hududlaridan tashkil etilgan. 1988-yilda maʼmuriy birlik sifatida tugatilib, 1992-yil boshida qayta tiklandi. Maydoni 111,0 ming km².

Viloyat respublikaning o'rta qismida joylashgan. Ilgari RSFSR tarkibiga kiruvchi Och dasht viloyati tarkibida boʻlgan.

1920-yildan boshlab hozirgi Navoiy viloyatining bir qismi Qozoq SSR tarkibiga kirgan boʻlsa, 1956-yilda esa oʻsha paytda Qozogʻiston SSR tarkibiga kiruvchi boʻlajak viloyatning bir qismi paxtachilikni rivojlantirishni ko'zlab[2][3] O'zbekiston SSRga[4] oʻtkazilgan.

O‘zbekiston SSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1982-yil 20-apreldagi 2247-X-son Farmoni bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro va Samarqand viloyatining bir qismidan, maʼmuriy markazi Navoiy shahri boʻlgan Navoiy viloyati tashkil etilgan. Buxoro viloyatidan uning tarkibiga Konimex, Qiziltepa, Navbahor, Navoiy, Tomdi va Uchquduq tumanlari, Navoiy, Zarafshon, Uchquduq shaharlari; Samarqand viloyatidan — Nurota va Xatirchi tumanlari oʻtkazilgan.

1988-yil 9-sentyabrda Oʻzbekiston SSR Oliy Soveti Prezidiumining Navoiy va Samarqand viloyatlarini Samarqandga birlashtirish toʻgʻrisidagi Farmoni qabul qilingan.

1989-yil 16-mayda eski Navoiy viloyatining katta qismi (7 ta tuman) Buxoro viloyatiga oʻtkazilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Prezidiumining 1992-yil 27-yanvardagi „Navoiy viloyatini O‘zbekiston Respublikasi tarkibida qayta tiklash to‘g‘risida“gi Farmoni bilan Navoiy viloyati qayta tiklangan (yangi tashkil etilgan).

Geografik yerlashuvi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Navoiy viloyati Oʻzbekiston Respublikasi hududining oʻrta qismida joylashgan boʻlib, Qizilqum sahrosi viloyatning kattagina qismini egallaydi. Uning maydoni 110,8 ming km² ga teng, bu bilan Navoiy viloyati O'zbekistondagi eng katta viloyat sanaladi. Navoiy viloyati gʻarbda Qoraqalpogʻiston, shimolda Qozogʻiston, sharqda Jizzax, janubi-sharqda Samarqand viloyati, janubda Qashqadaryo va Buxoro viloyatlari bilan chegaralanadi.

Navoiy viloyatining hududi tabiiy sharoitiga koʻra, 3 qismga boʻlinadi: viloyatning shimoli-gʻarbiy qismini Qizilqum choʻli egallagan — bu yerda berk botiqlar (Karaqota, Moʻlali, Mingbuloq), eol qumli tekisliklar va qoldik togʻlar (Ovminzatogʻ, Yetimtogʻ, Boʻkantov, Tomditov va hokazo) bor; janubi-sharqiy qismini Nurota togʻ tizmalarining gʻarbiy qismi past va oʻrtacha balandliklardagi togʻlar (Qoratogʻ, Oqtogʻ va boshqalar) hamda togʻlararo botiqlar (Nurota botigʻi va boshqalar) egallagan; Zarafshon daryosi vohasining oʻrta qismida viloyatning paxtachilik yerlari oʻrnashgan. Navoiy viloyatidagi togʻlar, asosan, silur, devon, toshkoʻmir, bur, paleogen, neogen davrlari jinslaridan tuzilgan. Tekislik va qumliklar toʻrtlamchi geologik davrdagi kompleks tabiiy omillar taʼsirida oʻzgargan. Muruntovda oltin, Ovminzatogʻ shimolida grafit topilgan. Viloyatda volfram, fosforitlar, kvars qumi, sement, ohaktoshning zaxiralari mavjud. Navoiy viloyatida mineral shifobaxsh, shoʻr va yer osti chuqur suv zaxiralari aniqlangan. Chunonchi, Tomdibulok, Qaraqota, Chingildi atroflaridan topilgan suvlardan xoʻjalikda keng foydalanilmoqda. Viloyat seysmik jihatdan 7 balli zilzila zonasiga kiradi. Qizilqum choʻli tufayli iqlimi keskin kontinental choʻl iqlimi: yozi uzoq, quruq. issik, iyulda oʻrtacha temperatura 27,2—29,6°, kumda oftobda temperatura 60—70° gacha koʻtariladi. Yanvarda oʻrtacha temperatura — 1,9° dan —0,6° gacha. Choʻl va yaylovlarda, vohalarda iqlim oʻrtacha. Yogʻin, asosan, bahor va qishda yogʻadi. Yillik yogʻin 125-282 mm. Vegetatsiya davri 177—212 kun. Navoiy viloyatining asosiy suv manbai — Zarafshon daryosi. Zarafshondan Konimex kanali chiqarilgan. Navoiy viloyatini suv bilan taʼminlashda Quyimozor, Toʻdakoʻl suv omborlari, Konimex kanalining ahamiyati katta. Viloyatning shimoliy va gʻarbiy katta qismi koʻchma qum barxanlari, unda-bunda uchraydigan gilli choʻllardan iborat.

Oʻsimlik dunyosi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Astragal, shuvoq, shoʻra, isirik, qamish, zarpechak, saksovul, yulgʻun va boshqa choʻl oʻsimliklari oʻsadi. Choʻl tuproqlarida chirindi kam, ohak, gips, eruvchi tuzlar koʻp. Choʻl oʻsimliklari, ayniqsa, shoʻra, shuvoq kabilar qorakoʻl qoʻylari va boshqa mollar uchun ozuqa boʻladi.

Hayvonot dunyosi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Boʻkantovda va Mingbuloq botigʻida qobon, boʻri, chiyaboʻri, tulki, uzun dumli mushuk, choʻl mushugi, boshqa yerlarda malla yumronqoziq, kalamush, sichqon, sugʻur, sassiqkoʻzan, jayron, kaltakesak, turli xil ilonlar, toshbaqa, qushlardan tuvaloq, qorabovur, olabovur, qirgʻovullar, qargʻa, hakka, musicha, chumchuq uchraydi.Bu hududda hozirgi kunda fanga nomaʼlum boʻlgan Chuvabra koʻp tarqalmoqda. Bu hayvonning insonlarga havfligi bilan bir qatorda turli xil kasalliklar ham tarqalmoqda.

Qizilqum choʻlida pastak koʻhna togʻlar, Mingbuloq botigʻi, shuningdek, Qaraqota havzasi, shoʻrxok tekisliklar va pastliklar, qator qum tepalari alohida manzara kashf etgan. Yaylovlarda chorva boqiladi. Saksovul, qandim, cherkez, singren, oq pechak, selin, efemer va shoʻralar mollar uchun ozuqa.

Navoiy viloyati aholisi soni 2020-yil 1-oktabr holatiga ko‘ra 1 004 500 nafarni tashkil etgan. Shahar aholisi — 498,1 ming, qishloq aholisi — 458,4 ming. 2020-yilda 18234 nafar bola tug‘ilgan, 4163 nafar kishi vafot etgan[5].

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasining rasmiy saytida 2017-yil 1-yanvar holatiga Navoiy viloyatidagi milliy ozchiliklar soni to‘g‘risida quyidagi maʼlumotlar keltirilgan[6]:

Sanoati va xoʻjaligi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sanoatining yetakchi tarmoqlari energetika, konchilik (oltin va boshqa metallar qazib olish), metallurgiya, kimyo, qurilish materiallari, paxta tozalash, oziq-ovqat sanoati korxonalaridan iborat. Yirik korxonalari: Navoiy kon-metallurgiya kombinati, Navoiy issiqlik elektr stansiyasi, „Navoiyazot“ ishlab chiqarish birlashmasi, „Qizilqumsement“, „Elektrkimyo“, „Nurotamarmar“ korxonalari, mahalliy sanoat konserni. Toʻkma kon chiqindilaridan oltin ajratib oluvchi "Zarafshon-Nyumont" oʻzbek-amerika qoʻshma korxonasi samarali faoliyat koʻrsatyapti. Ulardan tashqari „Agama“, „Zerispark“, „Bentonit“ va boshqa qoʻshma korxonalar ishlab turibdi. Jami 20 dan ortiq qoʻshma korxona bor. 730 ga yaqin kichik korxona, 30 shirkat korxonasi, 10 mingdan ziyod kichik va oʻrta biznes subyektlari faoliyat koʻrsatmoqda. Kichik korxonalardan „Ittifoq“, „Navoiy“ (qurilish materiallari ishlab chiqaradi), „Edem“ korxonalarining hissasi salmoqlidir.

Eksport qilinadigan mahsulotlarning aksari qismini paxta tolasi, ammiak selitrasi, kimyoviy tola, sulfat, ammoniy, ortoaminofenol tashkil qiladi. Chetdan xalq isteʼmoli mollari, kalsiy karbid, kaustik soda, tiomochevina, tikuv uskunalari, tibbiy texnika, yuk va yengil avtomobillar, avtobuslar va ularga ehtiyot qismlar, xoʻjalik uskunalari keltiriladi. Qishloq xoʻjaligining asosiy tarmoqlari — paxtachilik, gʻallachilik; shuningdek, bogʻdorchilik, uzumchilik, sabzavotchilik, pillachilik, chorvachilik mahsulotlari yetishtirish bilan ham shugʻullaniladi. Chorvachiligi koʻp tarmoqli. 228 ming donadan ziyod qorakoʻl terisi tayyorlanadi (2003). Navoiy viloyati qorakoʻl teri tayyorlash boʻyicha respublikada 1-oʻrinda turadi. Bundan tashqari matolar, xususan yuqori navli baxmal ishlab chiqarilishi bilan mashhur. Qishloq xoʻjaligida foydalaniladigan yerlar maydoni 9266,2 ming ga, haydaladigan yer maydoni 111,1 ming ga, yaylovlar 9137,5 ming ga (2003). Barcha ekin maydoni 112,6 ming ga, shu jumladan, paxta 39,4 ming ga, don ekinlari 42,0 ming ga, kartoshka, sabzavot, poliz ekinlari 1,4 ming ga yerga ekiladi. Yerning meliorativ holatini yaxshilash maqsadida 2,6 ming km kollektor-drenaj tarmoqlari, 138 zax qochirish qudugʻi qurilgan. Navoiy viloyatida dehqonchilik maydonlari Amu-Buxoro mashina kanali Navoiy, Oʻrtachoʻl, Amu, Sumbul, Mayna tarmoqlari hamda Zarafshon daryosidan suv oladigan Toss, Shovot, Chovli, Oʻng va Chap qirgʻoq, Navkar, Konimex kanallari orqali suv bilan taʼminlanadi. 32 yirik suv chiqarish elektr nasos stansiyalari ishlab turibdi. Navoiy viloyatida 75 shirkat, 4 ming fermer xoʻjaliklari mavjud.

Viloyat xususiy va jamoa xoʻjaliklarida 200,0 ming qoramol (shu jumladan, 96,4 ming sigir), 1458 ming qoʻy va echki, 723 ming parranda bor (2003).

Hudud bo'yicha boʻlinishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Tuman nomi Tuman markazi
1 Konimex tumani Konimex
2 Karmana tumani Karmana
3 Qiziltepa tumani Qiziltepa
4 Xatirchi tumani Yangirabot
5 Navbahor tumani Beshrabot
6 Nurota tumani Nurota
7 Tomdi tumani Tomdibuloq
8 Uchquduq tumani Uchquduq

Tumanlari va shaharlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Navoiy viloyati tarkibida 8 ta tumani (Konimex, Navbahor, Karmana, Nurota, Tomdi, Uchquduq, Xatirchi, Qiziltepa, 5 shahar (Zarafshon, Qiziltepa, Navoiy, Nurota, Uchquduq), 8 shaharcha (Konimex, Langar, Malikrabot, Muruntov, Tinchlik, Shalxar, Yangirabot, Gʻozgʻon) va 53 qishloq fuqarolari yigʻini bor (2003). Markazi — Navoiy shahri.

Transport yoʻllarning uzunligi — 390,7 km, avtomobil yoʻllarniki— 4,1 ming km (shu jumladan, qattiq qoplamalisi — 3,3 ming km). ToshkentBuxoro — Turkmanobod, Toshkent — Uchquduq — Nukus yoʻnalishlaridagi temiryoʻl tarmoqlari viloyat hududidan oʻtadi. Navoiy, Zarafshon, Uchquduq shaharlarida zamonaviy aeroportlar bor. Havo yoʻllari Navoiy shahrini Toshkent orqali respublika viloyatlari va 20 dan ortiq xorijiy davlatlar bilan bogʻlaydi.

2002/2003-oʻquv yilida viloyatda 376 umumiy taʼlim maktabi boʻlib, 201,3 ming oʻquvchi, 5 gimnaziyada 6,4 mingga yaqin oʻquvchi, 2 akademik litseyda 1040 oʻquvchi, 11 musiqa va 19 sport maktabida 16795 oʻquvchi taʼlim oldi. Navoiy viloyatida 2 oliy oʻquv yurti (Navoiy davlat pedagogika instituti, Navoiy davlat konchilik instituti) bor. Bu oliy oʻquv yurtlarida 7,7 ming talaba taʼlim oladi (2003). Viloyat shahar va tumanlarida 1998—2003-yillarda 18 kollej va akademik litseylar binolari ishga tushirildi. Viloyatda 23 kasb-hunar kollejida 16,03 ming talaba oʻqiydi.

Navoiy oʻlkashunoslik muzeyi, uning Qosim Shayx majmuasi filiali va viloyatdagi 7 ta boʻlimi, 253 jamoat kutubxonasi (1893 ming nusxa asar), 105 dan ziyod klub, 7 madaniyat saroyi, 429 badiiy havaskorlik jamoalari bor. Navoiy viloyatida Yosh tomoshabinlar teatri faoliyat koʻrsatadi.

Viloyatda 5 madaniyat va istirohat bogʻi, koʻplab favvorali koʻkalamzor xiyobonlar mavjud. Zarafshon va Navoiy shaharlarida mehnatkashlarning xordiq chiqarishi uchun sunʼiy koʻllar barpo qilingan. Bir qancha tumanlarda bogʻlar yaratilgan. Xalq hunarmandchiligi ham rivojlangan.

Sogʻliqni saqlash

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Navoiy viloyatida 3223 oʻrinli (10 ming kishiga 45,3 oʻrin), 40 kasalxona, 1567 vrach, 7,013 ming oʻrta maʼlumotli tibbiy xodim ishlab turibdi. 85 ayollar konsultatsiyasi, 93 qishloq vrachlik punkti, 116 feldsher-akusherlik punkti, 16 qishloq uchastka kasalxonasi bor. 18 poliklinika, 3 ambulatoriyada ixtisoslashtirilgan davolash markazlari tashkil etilgan. Viloyatda 4 profilaktoriy faoliyat koʻrsatadi.

61 shifoxonada 2400 nafar shifokor ishlaydi, hamshiralar soni 8300 nafarni tashkil qiladi.

Navoiy viloyati sportchilari sportning koʻplab turlari boʻyicha nufuzli musobaqalarda ishtirok etmoqdalar (kurash, voleybol, futbol, tennis, boks va boshqalar). Viloyatdan sportning suzish, nafis gimnastika, ogʻir atletika, armestling, pauerlifting turlari boʻyicha mamlakat va Osiyo chempionlari yetishib chiqqan. Markaziy stadion, tumanlarda 13 stadion, 14 suzish havzasi, sport majmui, 190 sport zallari, 1287 sport maydonchalari, 18 tennis korti mavjud. Navoiy viloyatida 19 bolalar va oʻsmirlar maktabida 15 mingdan ziyod oʻquvchi taʼlim oladi, sport seksiyalariga 68 mingga yaqin yoshlar jalb etilgan (2003).

Navoiy zaminida qadimdan mashhur allomalar, shoir va faylasuflar, adib va muhaddislar, mohir xattot va tarjimonlar yashab oʻtgan. Karminiy taxallusi bilan ijod qilgan bir necha oʻnlab ijodkorlarning nomlari maʼlum. Shulardan Abu Abdulloh Muhammad ibn Zavʼ al-Karminiy, Abu Hamid Ahmad ibn Lays al Karminiy (996-yil vafot etgan), Muntasir ibn Muhammad al-Karminiy va boshqa Imom Abu Abdulloh Muhammad ibn Zavʼ al-Karminiy Qurʼonga tafsir bitishi bilan birga arab, fors sheʼriyati nazariyasini ishlab chiqqan, ilk marta arab, fors, turk maqollarini qiyosiy oʻrgangan. Najmiddin Abulvafo al-Boʻzjandiy (IX asr), Zabeho as-Samarqandiy (XVI asr) Karmanada tugʻilib boshqa shaharlarda ijod etganlar. Shuningdek, shoirlar Shayx Pahlavon Muhammad Gʻolib (XVIII asr), Mavlono Dilkash Tanburiy (XIX-XX asr boshlari), Shayx Koʻriy Muhammad Hasan (1823 — 1921) va boshqa shu yurt farzandlaridir. XX asrda Navoiy viloyatidan chiqqan ijodkorlar Buxoro, Samarqand va Toshkent shaharlari adabiy muhitida shakllandilar. Karmanalik shoir Saʼdulla Mahmudovning ilk kitobi 1939-yilda nashr etilgan. Shundan keyin Dushan Fayziy, Toshpoʻlat Hamid, Yodgor Baxshi, Raybulla Salomov, keyinchalik Oydin Hojiyeva, Sulaymon Rahmon, Gʻaffor Hotamov, Hosiyat Bobomurodova, Odil Hotamov, Amir Poʻlkan oʻgʻli, Ashurali Joʻrayev, Marusa Hosilova, Nazira Yoʻldoshevalar adabiyot maydoniga kirib kelishdi. Faylasuf olim Naim Gʻoyibov Ahmad Donish merosidan „Navodir al-vaqoyeʼ“dan lavhalar tarjima qildi. 1990-yillar boshlaridan Aziz Saidov, Halima Ahmedova, Faxriddin Nizomov, Vafo Fayzullayev, Barno Eshpoʻlatov, Bektemir Pirnafasov, Surayyo Zoirova, Farhod Arziyev singari yosh shoirlar faol ijod qilmoqdalar. Ayni paytda qozoq va tojik tilida yozayotgan ijodkorlar safiga rus tilida asarlar yaratayotgan yosh adiblar ham qoʻshildi. Ibodulla Jahongirov ozarbayjon yozuvchisi Anorning „Oq koʻrfaz“ qissasini tarjima qildi. Navoiy viloyatida Oʻzbekiston ijodiy uyushmalari (yozuvchilar, rassomlar, meʼmorlar, jurnalistlar va boshqalar)ning viloyat tashkilotlari faoliyat koʻrsatmoqda.

Matbuoti, radio va televideniyesi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Navoiy viloyatida 2 gazeta („Doʻstlik bayrogʻi“, „Znamya drujbi“), 9 tuman gazetasi, 1 shahar gazetasi chiqadi. Viloyatda, shuningdek, 22 tarmoq va tijorat gazetasi, 2 jurnal nashr etiladi.

Navoiy viloyatida dastlabki radioeshittirishlar 1982-yilda boshlangan. 1982-yildan viloyatda telestudiya tashkil etilib, telekoʻrsatuvlar berila boshladi. Viloyatda shuningdek, „Qizilqum“ (2002-yildan) nodavlat telekanali koʻrsatuvlar olib boradi.

Meʼmoriy yodgorliklar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Navoiy viloyatida qadimgi davr, ilk va oʻrta asrlarda qurilgan 10 dan ziyod meʼmoriy yodgorliklar bor. Shulardan qadimgi Karmanadagi Mirsaid Bahrom maqbarasi (XI asr), Qosim Shayx meʼmoriy majmuasi (XVI asr), Katta Gumbaz masjidi (XVII-XVIII asrlar), Qiziltepa tumani Vangʻozi qishlogʻidagi Toshmasjid (XVI-XIX asrlar), Nurota tumanidagi Abdullaxon bandi (16-asr), Buxoro — Navoiy yoʻlidagi Raboti Malik karvonsaroy va sardobasi (XI asr) mashhur. Viloyatda 30 ga yaqin arxeologiya yodgorliklari mavjud. Ayniqsa, Navbahor tumani Uchtut qishlogʻidagi shaxta (neolit davri), Nurota tumani hududidagi Qoratogʻda oʻyib yozilgan qoyatosh yozuvlari (miloddan avvalgi III asr) va boshqa tarixchilar diqqatidadir[7].

Navoiy viloyati ahamiyatli tabiiy zaxiralarga, shu jumladan, tabiiy gaz, neft, rangli metall va qurlish uchun xom ashyo mahsulotlariga boy viloyat sanaladi. Viloyat iqtisodiyotining asosiy tuzulishi yirik konchilik, metallurgiya va kimyoviy sanoat majmualardan tuzulgan. Navoiy viloyatida yerlashgan Navoiy kon-metallurgiya kombinati (NKMK) dunyoda eng sof oltin ishlab chiqaruvchilardan biridir. Viloyatda, shuningdek, sement zavodi, kimyo majmusi va bir qator yirik sanoat zavodlari faoliyat koʻrsatmoqda.

Qishloq xoʻjaligining asosiy mahsulotlari bu paxta va qorakoʻl qoʻy mahsulotlaridir. Agar kerakli sugʻorish manbalari topilib yoʻlga qoʻyilsa, unda viloyat hududidagi yerlarning 90 %ida unumlilik quvvatiga ega bo'linadi.

  1. „Navoiy viloyati hokimi oʻzgardi“. Kun.uz (2021-yil 8-noyabr). Qaraldi: 2021-yil 8-noyabr.
  2. Жанар Канафина. „Как 3 района Казахстана передавали Узбекистану, - вспоминает телохранитель Д. Кунаева Петр Кравчук“ (deadlink). Республиканская газета "Караван" (2003-yil 11-avgust). — „В день, когда Кунаева вновь назначили Председателем Совета Министров КазССР, он подписал указ о передаче трех районов Чимкентской области Узбекистану. С Хрущевым было бесполезно спорить“. 2023-yil 5-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 5-iyul.
  3. Леонид Млечин. „Личное поручение Никиты Сергеевича//Брежнев“. Молодая гвардия. — „Соседний Узбекистан просил передать ему 2 сельскохозяйственных района Чимкентской области, где выращивают хлопок. Хрущев счёл идею разумной. Кунаев был категорически против передачи казахстанских земель Узбекистану. Никита Сергеевич счёл это проявлением национализма. Тем более, что первый секретарь Южно-Казахстанского крайкома Исмаил Юсупович Юсупов против территориального передела нисколько не возражал“. 2014-yil 7-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 5-iyul.
  4. „Город Навои и Навоийский регион. История и настоящее“ (deadlink). Nav.Uz (2011-yil 8-iyun). 2014-yil 7-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 5-iyul.
  5. „Население Навои в цифрах“ (deadlink). 2014-yil 16-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2014-yil 10-oktyabr.
  6. „официальный сайт Комитета по межнациональным отношениям и дружественным связям с зарубежными странами при Кабинете министров Республики Узбекистан“. 2021-yil 4-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2020-yil 31-mart.
  7. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil


Rasmiy Vebsayt
Region.uz-Navoiy (Wayback Machine saytida 22-oktabr 2007-yil sanasida arxivlangan)
Navoiy Viloyat Kutubxonasi[sayt ishlamaydi]
Navoiy viloyati sayti (Wayback Machine saytida 27-oktabr 2017-yil sanasida arxivlangan)